menu-iconlogo
huatong
huatong
avatar

Agar Dunyoni

Shaxriyorhuatong
🅢︎🅗︎Ⓞ︎Ⓧ︎Ⓡ︎Ⓤ︎Ⓧ︎🚬huatong
Lyrics
Recordings
DUNYONI O'ZGARTIRA OLSAYDIM AGAR,

Uzun bo'lardi tonglar muqarrar.

G'ussa yo'llardan narida bekam,

O'zga doirada kezardi yer ham.

Oyni keltirardim yaqin ehtimol,

Boshimizga tegib yursin bemalol.

Ko'zinga, ko'zinga tushsin-da aksi,

Ranggu ziyolarning betakror raqsi!

O'shanda ko'zlaring tortganda teran,

Tonglarga aylanib ehtimol men ham.

Tubsiz bu ummonga cho'kib ketardim,

Ko'nglinga shu tubsiz holda yetardim...

Tonglar bo'lar edi, albatta, uzun,

Onam to'yib uxlab olmog'i uchun.

O'g'lim o'qisin, deb bilmay halovat,

Axir uch smenda qilardi mehnat.

Ona, sog'inchingda yig'lab kuylayman,

Men seni o'ylayman, seni o'ylayman.

Nolamni eshitsa, sen yashar yiroq,

Ovozing eshitay, etgin qo'ng'iroq.

Bu dunyo dalildir, dunyo- devona!

Olisda qolganman, taqdir-da, Ona...

Nima kerak menga shuhratu olqish,

Ona bilmaganman, poyingda behisht.

DUNYONI O'ZGARTIRA OLSAYDIM AGAR,

Dunyoda to'xtardi urush muqarrar.

Yasardim urushdan ajib kamalak,

Urushqoq zotlardan esa kapalak,

Orzumdan gullarga to'lardi olam!

Kapalaklar uchib tinmasdi birdam.

Hech kim maktablarni vayron etmasdi,

Bog'cha, shifoxona yonib ketmasdi!

Urush deb odamlar bo'lmasdi halak,

Chunki gulsevardir barcha kapalak.

Dunyoning ro'yini ayla tasavvur...

Bog'u bo'stonlaru gullar, gullar, gul...

O'ZGARTIRA OLSAYDIM AGAR DUNYONI,

Orzudan taralgan nuru ziyoni.

Bolalar ko'nliga tugardi mahkam,

Qo'llarida kitob! Eng go'zal olam.

Kitob asli maktub! Bolalarga xat!

Ularga xat bitgan kitob - Donishmand,

Mo'jiza ertaklar so'zlab berardi.

Goh kulib, gohida bo'zlab berardi.

Muallim? U zotga eng ulug' e'zoz:

Davraning to'riga chiqin, iltimos!

Sizga choy tashidi boylarning bari,

Axir, siz eltasiz kelajak sari!

Sizsiz bu dunyoning mudom biri kam!

Bolalar maktabga shoshadi...Bayram!

Sizning obro'yingizga kim yetadi, kim?

Muallim bo'laman degani soni ming!

Oqibatli do'stlarim Shaxboz va Furqat,

Qiyomatli do'stlarmiz, uchchovimiz ulfat.

Ko'ngliga havvoyi orzu ekkanlar,

Og'uni chekdilar! O'lib ketdilar!

Ustoz bergan bilim - Muqaddas borliq,

Ustozdan taralar hamisha yorug'!

O'ZGARTIRA OLSAYDIM DUNYONI AGAR,

She'r bilan so'zlardi barcha odamlar!

Dunyoning ishini bitirsin bekam,

Shoir bo'lar edi hatto Shoxlar ham!

Porlab turar edi barchaning ko'zi!

Chunki she'rdir so'zi! Har aytgan so'zi!

She'rmi, demak so'zning yomoni yo'qdir,

Aytgani chippa-chin! Yolg'oni yo'qdir!

Men she'rlar aytardim! sevgi - sababi!

Usmon A'zim kabi! Sherali kabi!

Rauf Parfi yangilig' bo'zlab qolardim,

Yuragim dardini so'zlab qolardim.

She'rlar o'qir edim hayqirib har dam,

She'rday o'sar edi bolalarim ham!

Ularga ko'chardi she'rdan harorat,

Dillarida sevgi! Tanho sadoqat!

Mening etagimda yursaydi olam,

Bolalarim meni kutmasdi. Hech ham!

Ularning yoniga erta qaytardim,

Ularga ming turfa ertak aytardim.

So'zlarim Qo'ng'irot, Chambil dashtidan,

Yoki Alibobo sarguzashtidan.

Zamonlar ruhini tinglab so'zlardim,

Zumrad hasratidan yig'lab so'zlardim.

Bu dardlar so'zimda bo'lganida jam,

Shundoq ulg'ayardi bolalarim ham.

Boshlig'im bu holdan quvonib ortiq,

Ularga muzqaymoq qilardi tortiq!

Uyinga ketgin, deb meni qistardi

Ertak aytishimni juda istardi,

Ertak ayt! Bolalaring yoniga tez bor!

Axir, ular o'ssin gulday beg'ubor...

O'ZGARTIRA OLSAYDIM DUNYONI TAMOM,

Umrimiz kamalak bo'lardi, ishon!

Tovlanib ranglarga cho'lg'onar eding,

Tonglarda baxtiyor uyg'onar eding!

Parijda nonushta etsak magarda,

Kechda qaytar edik boqiy shaharga!

Albatta, albatta, Afrosiyobga,

Temurning poytaxti - Mangu Mehrobga!

Guchchidan libosing, Blek Kveyldan sumkang,

Yonimda turarding barchadan ko'rkam!

Xavotir ham yo'qdir, ko'nglimiz ham to'q,

Chunki barcha halol, o'g'rilar yo'q.

Barcha emin-erkin, barcha hur-ozod,

Hatto qamoqlar ham bo'lgandir barbod.

O'rnida shovullar gulzorlar, bog'lar,

Hech kimning ko'nglida qolmagan dog'lar,

Yonimda magar sen taratsang ziyo,

Shunday o'zgaradi men qurgan Dunyo.

O'ZGARTIRA OLSAYDIM DUNYONI AGAR,

Bepul bo'lar edi barcha dorilar.

Yo'q, asli dorilar bo'lmasdi! hech ham!

Dori nechun kerak, sog' bo'lsa odam?

Bu yorug' olamda qolmasdi bemor,

Tibbiy uskunalar bo'lardi bekor.

Yoshlarga qo'lini cho'zmasdi o'lim,

Bevaqt umr ipin uzmasdi o'lim.

Sog'likni shu tarza etardim-da hal,

Derdim: Sevgi bilan bo'lsinlar kasal!

Inson sevgi bilan og'risin faqat,

Taqdirlar podshosi bo'lsin muhabbat!

Bosh Majnun bo'layin o'zim! Ha, o'zim!

Sening ishqing bilan gullasin so'zim!

Bu holdan kechmasman! Zarra kechmasman.

Ishqdan xalos et, deb dori ichmasman...

*********************

O'ZGARTIRA OLSAYDIM DUNYONI BEHAD,

Ilk visol damlari bo'lardi faqat.

Visol yog'dusidan nurlanib, yor-a,

Uchrashaverardik faqat ilk bora.

Sen jiddiy iymanib menga boqarding,

Kuyingda daryoday men ham oqardim.

Ko'zingda porlagan pinhon tabassum

Meni mangu ishqqa etardi mahkum.

Sezardik, qaytadan yaraldik hozir,

Bizlarni muhabbat ayladi asir!

Sezardik, tugamas bu davru-davron.

Bizni band etdi bu go'zal zindon!

Dunyo tugasa ham endi bir jonmiz,

Ming yillar hamisha bir tong, bir shommiz!

O... qanday ertakmiz! Mo'jiza! Tengsiz!

So'zlasam, ishonmas farzandlarimiz!

Magar yetmasa gar dunyoga kuchim...

Baxtli yashar edim borliging uchun!

O'zgarmasa hamki, erkam, bu dunyo,

Qalbimda hamisha socharding ziyo.

Mening ham tunimda oylar bo'lardi,

Yuragingda menga joylar bo'lardi.

Hasratim, dardlarim, quvonchim bilan,

Baxtli yashar edim! Yonimda sensan!

Qayda bo'lmasam hamki, uyga qaytardim,

Uygamas, qo'shiqqa, kuyga qaytardim...

O'ZGARMASA HAMKI, ERKAM, BU DUNYO...

O'zgarmasa hamki, erkam, bu dunyo...!

**************************

(by Shoxrux)

More From Shaxriyor

See alllogo